"Fiorentina" hujumchisi Moyze Kin faoliyatini Italiya A Seriyasining boshqa klubida davom ettirishi mumkin.
Insayder Nikolo Skira ma’lumotiga ko‘ra, 26 yoshli futbolchiga "Komo" jiddiy qiziqish bildirmoqda. Klub shu hafta davomida Kin transferi bo‘yicha "Fiorentina"ga rasmiy taklif yuborishni rejalashtirgan.
"Komo"ning italiyalik hujumchiga qiziqishi haqidagi dastlabki xabarlar iyul oyida paydo bo‘lgan edi. O‘shanda "Fiorentina" o‘zining yetakchi futbolchilaridan biri uchun taxminan 40 mln yevro talab qilayotgani ma’lum qilingandi.
Transfermarkt portali Moyze Kinning hozirgi bozor qiymatini 32 mln yevroga baholamoqda.
Hujumchi Florensiya klubi safida barcha musobaqalarda jami 78 ta uchrashuvda maydonga tushib, 35 ta gol urgan va 7 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













