"Arsenal" himoyachisi Rikardo Kalafyori Angliya Superkubogi tarixida so‘nggi 58 yil ichidagi eng tezkor gol muallifiga aylandi, deb xabar bermoqda Opta.
Angliya Superkubogi–2026 finalida "Arsenal" "Manchester Siti"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda hisob 23-soniyadayoq ochildi — 24 yoshli italiyalik himoyachi Kalafyori raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Bu gol Angliya Superkubogida 1968 yildan buyon urilgan eng tezkor gol bo‘ldi. O‘shanda "Manchester Siti" hujumchisi Bobbi Ouen "Vest Bromvich"ga qarshi bahsda shunday natija qayd etgan edi.
Uchrashuvning qolgan qismida "Arsenal" safida Kay Havers va Martin Edegor ham gol urdi. Natijada londonliklar 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, "Arsenal" 2025/2026 yilgi Angliya Premyer-ligasi mavsumini chempion sifatida yakunlagan. Jamoa 38 ta uchrashuvda 85 ochko to‘plagan. Shuningdek, o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasi finaligacha yetib borgan "to‘pchilar" hal qiluvchi bahsda PSJga 1:1 (penaltilar seriyasida 3:4) hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.













