"Roma" "Portu"ning hujumkor yarim himoyachisi Rodrigu Morani o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi.
Insayder Nikolo Skira ma’lumotiga ko‘ra, Portugaliya klubi 19 yoshli futbolchini nisbatan past summa — 25 mln yevro evaziga qo‘yib yuborishga rozilik bildirgan. Shu bilan birga, klublar Mora kelajakda boshqa jamoaga sotilsa, transferdan olinadigan foydani teng taqsimlash bo‘yicha kelishib olgan.
Shu tariqa, agar "Portu" tarbiyalanuvchisi Italiyada o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olsa va keyinchalik katta summaga sotilsa, Portugaliya klubi ushbu transferdan yana sezilarli daromad olishi mumkin.
Rodrigu Moraning o‘zi ham "Roma"ga o‘tishga rozilik bergan. Futbolchi transferning imkon qadar tezroq amalga oshishini istamoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2031 yilga qadar mo‘ljallanishi kutilmoqda. Transfermarkt portali portugaliyalik futbolchining bozor qiymatini 38 mln yevroga baholamoqda.













