"Vasko da Gama" va "Santos" Braziliya A Seriyasining 22-turi doirasida o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuvdagi eng ko‘p muhokama qilingan voqea esa hatto start hushtagidan oldin sodir bo‘ldi.
Maydon egalari sardori Tyago Mendes jamoalarning an’anaviy o‘yinoldi salomlashuvi vaqtida Neymarning qo‘lini siqmadi. "Santos"ning yulduz kapitani uni e’tiborsiz qoldirgan raqibiga hayrat bilan qarab qoldi, ammo tezda o‘zini o‘nglab, yonida turgan hakamlar bilan qo‘l berib salomlashishda davom etdi.
Uchrashuv "Santos"ning 3:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. Neymar bahsni to‘liq o‘tkazdi, ammo gol yoki golli uzatma bilan ajralib turmadi.
Turnir jadvalidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi ustidan qozonilgan g‘alaba "Santos"ga xavfli hududni tark etish imkonini berdi. Jamoa 25 ochko bilan 14-o‘ringa ko‘tarildi.
"Vasko da Gama" esa 22 ochko bilan oxiridan ikkinchi — 19-pog‘onada qolmoqda.













