"Yuventus" tarkibini yangi futbolchi bilan kuchaytirdi. Turin klubi markaziy himoyachi Jon Lukumi bilan shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi.
28 yoshli kolumbiyalik futbolchi bilan tuzilgan kelishuv 2030 yil yoziga qadar amal qiladi. Avvalroq "Yuventus" uning transferi uchun "Bolonya"ga 20 mln yevro va qo‘shimcha bonuslar to‘lashi haqida xabar berilgan edi.
""Yuventus" ayni paytda faoliyatining eng yuqori nuqtasida turgan futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi. U 2026/27 yilgi mavsumdayoq jamoa o‘yiniga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor. "Yuventus"ga xush kelibsan, Jon!" — deyiladi klub bayonotida.
Lukumi o‘tgan mavsumda "Bolonya" safida barcha musobaqalar doirasida 43 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Markaziy himoyachi bu bahslarda 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













