"Korintians" Memfis Depayni jamoada olib qolish masalasida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Globo xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, asosiy muammo yangi kelishuvning umumiy qiymati bilan bog‘liq. Depay bilan shartnomani uzaytirish, avvalgi qarzlarni ham hisobga olganda, klubga taxminan 25 mln yevroga tushishi mumkin. "Korintians" rahbariyati esa bu summani qariyb 5 mln yevroga kamaytirishni istamoqda.
Klub prezidenti Osmar Stabile muzokaralarni davom ettirishdan oldin "Korintians" kengashining bu masala bo‘yicha xulosasini kutmoqda.
Avvalroq Braziliya klubi Depayga taqdim etilgan taklifni qaytarib olgan edi. Biroq bir necha kun o‘tib, tomonlar muzokaralarni qayta tikladi. Endi "Korintians" bir vaqtning o‘zida futbolchini saqlab qolish va klub zimmasidagi moliyaviy yukni kamaytirish imkonini beradigan variantni izlamoqda.
Depayning o‘zi ham "Korintians"da faoliyatini davom ettirishdan manfaatdor. Futbolchi to‘lov shartlari bo‘yicha klubga yon berishga tayyor ekanini bildirgan.













