«Galatasaroy» «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olish uchun katta mablag‘ sarflashga tayyor. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Turkiya chempioni mankunianliklarga bonuslar bilan birga 50 mln yevroga yetadigan taklif yubormoqchi. Uning 35 mln yevrosi kafolatlangan to‘lov, yana 15 mln yevrosi turli shartlarga bog‘liq bonuslardan iborat bo‘ladi.
Portugaliyalik yarim himoyachiga yiliga 21 mln yevro sof maosh va to‘rt yillik shartnoma taklif qilinishi kutilmoqda. Bitimni imzolaganlik uchun futbolchiga qo‘shimcha 4 mln yevro bonus ham to‘lanishi mumkin.
Turkiyadagi soliq tizimi hisobga olinsa, Fernandeshning sof daromadi Angliyada hozir olayotgan mablag‘idan deyarli ikki baravar ko‘p bo‘ladi.
Biroq «Manchester Yunayted» 31 yoshli sardorini sotishni rejalashtirmayapti va uni jamoaning kelgusi rejalarida muhim futbolchi deb hisoblaydi. Shunga qaramay, «Galatasaroy» yaqin kunlarda rasmiy taklif bilan chiqishi mumkin.
Transfer jarayonini Istanbul klubi prezidenti Dursun O‘zbek shaxsan nazorat qilayotgani aytilmoqda. Yakuniy qaror ko‘p jihatdan «Manchester Yunayted»ning qat’iy pozisiyasi va Fernandeshning istagiga bog‘liq bo‘ladi.













