«Manchester Siti» yarim himoyachisi Niko Gonsales joriy transfer oynasi yopilguniga qadar jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda talkSPORT xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 24 yoshli ispaniyalik futbolchiga «Nyukasl» qiziqish bildirmoqda. Klub Sandro Tonali va Bruno Gimaraesni yo‘qotganidan keyin markaziy yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, «Manchester Siti» Gonsalesni sotishdan tushadigan mablag‘ni «Chelsi» yarim himoyachisi Enso Fernandes va «Lill» futbolchisi Ayyub Buaddi transferlariga sarflashga tayyor ekani aytilmoqda.
Biroq Gonsalesning o‘zi jamoada qolishni xohlamoqda.
«Manchester Siti» o‘tgan yozda ispaniyalik futbolchini «Portu»dan 60 mln yevro evaziga xarid qilgan edi. Shundan buyon u barcha musobaqalar doirasida 59 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol urdi.













