«Arsenal» «Aston Villa» va Angliya terma jamoasi himoyachisi Ezri Konsani o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda The Athletic xabar bermoqda.
28 yoshli futbolchi Uilyam Saliba va Yurriyen Timberning jarohatidan so‘ng London klubining ustuvor transfer maqsadiga aylangan. «Arsenal»ni Konsaning universalligi ham qiziqtirmoqda — u markaziy himoyada ham, o‘ng qanotda ham harakat qila oladi.
Klublar o‘rtasidagi muzokaralar oldinga siljigan. Ayni paytda tomonlar futbolchining transfer qiymati bo‘yicha mavjud farqni bartaraf etish ustida ishlamoqda.
Konsa jahon chempionatidan keyin berilgan qo‘shimcha ta’tilni yakunlab, dushanba kuni «Aston Villa» ixtiyoriga qaytgan.
Himoyachi Angliya terma jamoasi safida JCH-2026da ishtirok etdi. U Argentinaga qarshi yarim finalgacha bo‘lgan barcha o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlagan. 1:2 hisobida yakunlangan yarim finalda esa 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan.
O‘tgan mavsumda Konsa «Aston Villa» safida 48 ta uchrashuv o‘tkazib, jamoaning Yevropa ligasida g‘olib chiqishi va APLda 4-o‘rinni egallashiga hissa qo‘shdi.
Konsa 2019 yilda «Brentford»dan «Aston Villa»ga o‘tgan. Shu vaqtdan buyon u klub safida barcha musobaqalar hisobida 286 ta o‘yinda maydonga tushgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.













