Ispaniyaning «Barselona» klubi mavsumoldi yig‘inlari doirasida o‘tkaziladigan Joan Gamper kubogi uchun bahsda Misrning «Al-Ahli» jamoasini mag‘lub etdi.
Uchrashuv 19 avgust kuni Barselonadagi «Spotifay Kamp Nou» stadionida bo‘lib o‘tdi va mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu bahs «Barselona» uchun 2026/27 yilgi mavsum oldidan so‘nggi nazorat uchrashuvi bo‘ldi. Kataloniya klubi Gamper kubogini 61-marta o‘tkazilgan bahsda qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda hisob 29-daqiqada ochildi. «Barselona»ning misrlik hujumchisi Hamza Abdulkarim sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi.
Birinchi bo‘lim yakunida Rafinya penaltini aniq amalga oshirib, kataloniyaliklarning ustunligini 2:0 ga yetkazdi.
«Al-Ahli» ikkinchi bo‘lim boshida farqni qisqartirdi. 51-daqiqada Zizo o‘z nomiga gol yozdirib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Qolgan vaqtda boshqa gol urilmadi.
Shu tariqa, «Barselona» Joan Gamper kubogida navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritdi. Mazkur turnir kataloniyaliklar tomonidan har yili tashkil etiladi va ilk bor 1966 yilda o‘tkazilgan. Musobaqa nomi «Barselona» asoschisi va sobiq prezidenti Joan Gamper sharafiga qo‘yilgan.
Qayd etish joiz, bu yilgi Gamper kubogi «Barselona»ning «Spotifay Kamp Nou» qayta ochilganidan keyin mazkur stadionda o‘tkazilgan ilk uchrashuvi bo‘ldi.
Joan Gamper kubogi. Final
«Barselona» — «Al-Ahli» 2:1
19 avgust 2026 yil. «Spotifay Kamp Nou», Barselona
Gollar: 29' — Hamza Abdulkarim (1:0), 45' — Rafinya, penaltidan (2:0), 51' — Zizo (2:1)
«Barselona»: Joan Garsiya — Jerar Martin, Jyul Kunde, Erik Garsiya, Alexandro Balde — Mark Bernal, Xavi Espart, Fermin Lopes — Lamin Yamal, Hamza Abdulkarim, Rafinya.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Dani Olmo, Orian Goren, Brayan Farinyas, Jordi Pesker, Entoni Gordon, Alvaro Kortes, Andreas Kristensen, Gavi, Karim Adeyemi, Pedri, Voysex Shchensni, Jessi Bisivu.













