«Bayer» yangi mavsum oldidan jamoa sardorini almashtirishga qaror qildi. Endi Leverkuzen klubini maydonga markaziy himoyachi Edmond Tapsoba sardor sifatida boshlab tushadi.
Sky Germany jurnalisti Florian Plettenberg ma’lumotiga ko‘ra, Burkina-Faso milliy jamoasi a’zosi yangi mavsum arafasida sardorlik bog‘ichini qabul qilib olgan. Hujumchi Patrik Shik esa katta ehtimol bilan vise-sardor etib tayinlanadi.
Shu tariqa, o‘tgan mavsumda jamoa sardorlaridan biri bo‘lgan Robert Andrix yangi iyerarxiyada bu vazifani bajarmaydi. Shuningdek, 31 yoshli germaniyalik futbolchi vise-sardorlikka ham da’vogar emas.
Manbaga ko‘ra, Andrixning Leverkuzendagi kelajagi ham noaniq bo‘lib turibdi. Klub rahbariyati yarim himoyachiga yozgi transfer oynasi yopilgunga qadar jamoani tark etishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Tapsobaga sardorlik ishonib topshirilishi uning klubdagi mavqei yanada mustahkamlanganini ko‘rsatadi. 27 yoshli himoyachi 2020 yil yanvarda Portugaliyaning «Vitoriya Gimaraynsh» klubidan «Bayer»ga kelib qo‘shilgan va shundan buyon jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylangan.
Burkina-fasolik futbolchi 2023/24 yilgi tarixiy mavsumda ham «Bayer»ning yetakchilaridan biri bo‘lgan. O‘shanda Xabi Alonso boshchiligidagi Leverkuzen jamoasi ilk bor Germaniya chempioni bo‘lgan va mamlakat kubogini ham qo‘lga kiritgan.
Klub Tapsobaning kelajagini ham uzoq muddatga kafolatlab qo‘ygan. 2026 yil aprelida tomonlar yangi shartnoma imzoladi va himoyachining kelishuvi 2031 yil 30 iyunga qadar uzaytirildi. «Bayer» sport direktori Simon Rolfes o‘shanda Tapsobani jamoaning mutlaq tayanch futbolchilaridan biri va Bundesliganing eng yaxshi himoyachilaridan biri deb atagandi.
Endi Tapsoba yangi maqomda nafaqat «Bayer» mudofaasini boshqarishi, balki yangilanayotgan jamoaning maydondagi asosiy yetakchilaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.













