Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchi Xarri Keyn bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
33 yoshli futbolchining amaldagi kelishuvi kelgusi yilning o‘rtalarida (2027 yil yozida) o‘z nihoyasiga yetadi. Abendzeitung nashri xabariga ko‘ra, tomonlar haligacha bitimning bir muhim tafsilotini hal qila olishmayapti: Myunxen grandi 2029 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma taklif qilmoqda, forvardning o‘zi esa uzoqroq muddatli — 2030 yilgacha bo‘lgan kelishuvni imzolashni xohlamoqda. Shunga qaramay, manbaning ta’kidlashicha, muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanish ehtimoli juda yuqori.
Keyn 2023 yilning yozida «Tottenxem»dan «Bavariya»ga o‘tgan edi. Angliyalik hujumchi nemis klubi safida barcha turnirlarda o‘tkazgan 147 ta o‘yinida 146 ta gol va 33 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.













