«Brayton» yarim himoyachisi Karlos Baleba yozgi transfer oynasi yakunlanguniga qadar jamoasini almashtirishi mumkin.
The Telegraph jurnalisti Lyuk Edvards ma’lumotiga ko‘ra, «Brayton» 22 yoshli kamerunlik futbolchi uchun bonuslar bilan birga 70 mln funt miqdoridagi taklifni qabul qilishga tayyor.
Balebaga asosiy da’vogar «Manchester Yunayted» bo‘lib turibdi. So‘nggi kunlarda klublar o‘rtasidagi muzokaralar sezilarli darajada jadallashgan. Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar kelishuvga yaqinlashgan, transfer qiymati 60 mln funtdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Futbolchi uchun besh yillik shartnoma ham tayyorlangan.
The Times esa mankunianliklar 60 mln funt va yana 5 mln funt bonuslardan iborat taklif yuborgani haqida xabar berdi. Demak, «Yunayted» taklifi bilan «Brayton» talab qilayotgan summa o‘rtasidagi farq katta emas.
Baleba «Brayton»ga 2023 yilda Fransiyaning «Lill» klubidan 23 mln funt atrofidagi mablag‘ evaziga kelib qo‘shilgan. Kamerunlik futbolchi keyinchalik APLning istiqbolli markaziy yarim himoyachilaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Qizig‘i, «Brayton» bir yil avval Balebani 100 mln funtdan yuqori baholagan va bu «Manchester Yunayted»ning transferdan voz kechishiga sabab bo‘lgandi. Endi esa futbolchining narxi sezilarli darajada pasaygan.
Ayni paytda yakuniy transfer summasi va to‘lovlar tuzilmasi bo‘yicha kelishuv hali rasman tasdiqlangani yo‘q. Biroq so‘nggi xabarlarga qaraganda, Balebaning «Old Trafford»ga ko‘chib o‘tishi tobora yaqinlashmoqda.













