«Manchester Yunayted» sobiq himoyachisi va hozirda futbol eksperti sifatida faoliyat yuritayotgan Gari Nevill «Arsenal»ni yangi mavsumda ham Angliya Premyer-ligasi chempionligi uchun asosiy favorit deb hisoblamoqda.
Nevillning fikricha, londonliklarning «Nyukasl»dan Brunu Gimaraesni xarid qilishi Mikel Arteta jamoasining imkoniyatlarini yanada oshirgan.
«Men shundoq ham Premyer-ligada “Arsenal”ga ishonch bildirgan bo‘lardim. Ammo Brunu Gimaraesning transferi, menimcha, “Arsenal” uchun chempionlikni ta’minlaydi.
Men uni juda yaxshi ko‘raman. U juda kuchli xarakter va shaxsiyatga ega futbolchi. Bu jamoa uchun ulkan qo‘shimcha.
Gimaraes transferi juda katta ahamiyatga ega. U ajoyib futbolchi. Uni “Nyukasl”dan 75 mln funtga olish — katta transfer», — dedi Nevill The Overlap YouTube kanalida.
«Arsenal» 28 yoshli braziliyalik yarim himoyachini yozgi transfer oynasida «Nyukasl»dan o‘z safiga qo‘shib oldi. Nevill Gimaraesning nafaqat futbolchilik mahorati, balki yetakchilik xususiyatlari ham amaldagi chempionga katta foyda keltirishiga ishonmoqda.
Braziliyalik futbolchi «Nyukasl»da to‘rt yarim yil davomida jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylandi. U maydon markazidagi o‘yini bilan bir qatorda sardorlik vazifasini ham bajardi. Shu bois uning kelishi «Arsenal» yarim himoya chizig‘ida raqobat va variantlarni yanada oshiradi.
Nevillning fikricha, chempionlik poygasidagi boshqa yetakchi klublarda yozda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani ham «Arsenal» foydasiga ishlashi mumkin.
Londonliklar 2025/26 yilgi mavsumda Premyer-liga chempioni bo‘lgan. Agar Arteta jamoasi yangi mavsumda ham birinchi o‘rinni egallasa, klub APL davrida ilk marta chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘ladi. «Arsenal» so‘nggi bor Angliya chempionligini ketma-ket ikki mavsumda 1930-yillarda qo‘lga kiritgan.













