«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Fransiya chempionatining yangi mavsumida «Renn»ga qarshi safarda o‘tadigan ilk uchrashuv oldidan jamoasining tayyorgarligi haqida fikr bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis, shuningdek, Fransiya Superkubogida «Lans»dan uchralgan mag‘lubiyatga ham to‘xtaldi.
«Bu juda yaxshi hafta bo‘ldi. Mavsum boshlanishi biroz qiyin kechdi, chunki to‘rt kun ichida ikkita final o‘tkazdik. Endi jamoani tayyorlash uchun vaqtimiz bo‘ldi. Ko‘rganlarim juda ijobiy taassurot qoldirdi. Men haqiqatan ham juda xursandman.
So‘nggi uch yilda ko‘rganlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, Liga 1 oson chempionat emas. O‘tgan mavsumda «Lans»ni mag‘lub etish juda qiyin bo‘lgandi. Chempionlar ligasida ham Fransiya klublari o‘z darajasini namoyish etdi. Doimo rivojlanish istagi bo‘lishi kerak», — dedi Enrike.
«Safarda o‘ynaganda odatdagidek uchrashuv bo‘ladi. Biz raqiblarimizga qo‘shimcha motivasiya beradigan jamoamiz. O‘yin keskin kechadi, biz esa hali ham yaxshilanishimiz kerak.
«Lans»ga qarshi juda yaxshi o‘ynadik, natija maydonda qilgan ishlarimizni aks ettirmaydi. Ba’zan futbol adolatsiz bo‘ladi», — dedi ispaniyalik mutaxassis.
«Hozirgi darajamiz qanday ekanini bilmayman. Chempionatning dastlabki o‘yinlarida buni aniqlash qiyin. Ammo bu hafta mashg‘ulotlarda ko‘rganlarimga qarab, o‘tgan yilgi darajamizdan ham yaxshiroq bo‘lishimizga ishonaman.
Ayrim futbolchilar o‘yin qaydnomasidan tashqarida qoladi va bu ular uchun juda adolatsiz. Biz ko‘proq variantlarga ega bo‘lishni istaymiz. Futbolchilar esa bu vaziyatni imkon qadar to‘g‘ri qabul qilishlari kerak», — deya qo‘shimcha qildi «PSJ» ustozi.













