«Kristal Pelas» hujumchisi Ismoili Sarrning kelajagi borasida noaniqlik yuzaga keldi. 28 yoshli senegallik futbolchi «Galatasaroy»ga o‘tishni istamoqda va transfer amalga oshishi uchun jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazishdan bosh tortgani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Sarr Pyer Saj boshchiligidagi jamoa mashg‘ulotlarida qatnashishni xohlamagan. Shuningdek, u «Everton»ga qarshi uchrashuvda ham maydonga tushish niyatida emas. Futbolchining maqsadi — «Galatasaroy»ga transferini amalga oshirish.
«Vaziyat ideal holatdan ancha yiroq. Turkiyada transfer oynasi Angliyadagidan kechroq yopiladi, shu sabab bu masala cho‘zilib ketishi mumkin.
Menimcha, vaziyatga yechim topish kerak. Chunki transfer oynasining bunday kech bosqichida Sarr hech qanday pul evaziga sotilmaydi. U sentyabr oxirigacha maydonga tushmasligi mumkinligiga ham tayyor turish kerak», — deya We are Palace portali o‘z manbasining so‘zlarini keltirdi.
«Galatasaroy» Sarr uchun allaqachon taklif yuborgan, biroq «Kristal Pelas» o‘zining yetakchi futbolchilaridan birini qo‘yib yuborish niyatida emas.
Sarr o‘tgan mavsum «Kristal Pelas» safida 45 ta uchrashuvda 21 ta gol urdi. U jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi va Konferensiyalar ligasining «Oltin butsa» sovrinini ham qo‘lga kiritdi.













