«Bavariya» hujumchisi Xarri Keyn Germaniyada 2025/26 yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Angliya terma jamoasining 33 yoshli hujumchisi Kicker jurnali tomonidan o‘tkazilgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra g‘olib chiqdi. So‘rovnomada Germaniya sport jurnalistlari assosiasiyasining 659 nafar a’zosi ishtirok etdi.
Keyn 272 ta ovoz to‘plab, faoliyatida ilk bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritdi. U «Bavariya» vingeri Maykl Oliseni ortda qoldirdi. Olise 203 ta ovoz bilan ikkinchi bo‘ldi. U o‘tgan yili ham ikkinchi o‘rinni egallagandi. O‘shanda sovrin 191 ta ovoz to‘plagan Florian Virtsga nasib etgan.
Kuchli uchlikni «Shtutgart» hujumchisi Deniz Undav 61 ta ovoz bilan yakunladi.
Jurnalistlar Vensan Kompanini mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topishdi. «Bavariya»ni boshqarayotgan belgiyalik mutaxassis 314 ta ovoz oldi. U o‘tgan yilgi g‘olib, «Frayburg» bosh murabbiyi Yulian Shusterni 87 ta ovoz va «Shtutgart» ustozi Sebastyan Xyonessni 53 ta ovoz bilan ortda qoldirdi.
Keyn va Kompani sovrinlarini juma kuni Myunxendagi «Alyans Arena»da, Bundesliganing «Shtutgart»ga qarshi birinchi tur uchrashuvi vaqtida qabul qilib oladi.
«Yil futbolchisi» sovrini 1960 yildan, «Yil murabbiyi» mukofoti esa 2002 yildan buyon topshirib kelinadi.
Futbolchilar orasida Frans Bekkenbauer to‘rtta sovrin bilan rekordchi hisoblanadi. Murabbiylar orasida esa Yurgen Klopp va Feliks Magat uchtadan sovrin bilan eng yaxshi natijaga ega.













