Londonning «Arsenal» klubi vingeri Gabriel Martinelli jamoani tark etishga yaqin turibdi. Braziliyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi muzokara olib bormoqda.
Jurnalist Ben Jeykobs ma’lumotiga ko‘ra, «Al-Hilol» 25 yoshli futbolchi uchun qariyb 50 mln funt sterling (taxminan 58 mln yevro) to‘lashga tayyor. Martinellining o‘zi ham Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga rozi. «Arsenal» esa futbolchiga jamoa tarkibida unga joy yo‘qligini allaqachon ma’lum qilgan.
Avvalroq Martinelli Turkiyaning «Galatasaroy» klubiga o‘tish taklifini rad etgan edi. Braziliyalik futbolchi «Arsenal» safida o‘tkazgan yetti yil davomida barcha musobaqalarda jami 278 ta o‘yinda maydonga tushib, 62 ta gol urdi va 36 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
«Al-Hilol» shuningdek, «Chelsi» vingeri Pedru Netuni ham o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirgan. Biroq londonliklar futbolchi uchun 115 mln yevrodan ziyod mablag‘ talab qilgani sababli Saudiya Arabistoni klubi transferdan voz kechishga majbur bo‘lgan.













