«Nyukasl» vingeri Entoni Elanga Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumidagi ilk uchrashuvida «Liverpul» darvozasini ishg‘ol qildi. Shvesiyalik futbolchining goli jamoasiga g‘alaba keltirmadi — bahs 2:2 hisobida yakunlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Elanga uchun bu APLda so‘nggi 40 ta o‘yindagi ilk gol bo‘ldi. U Angliya chempionatida oxirgi marta 2025 yil 1 aprel kuni gol urgan edi.
Qizig‘i, o‘sha gol uning sobiq jamoasi «Manchester Yunayted» darvozasiga kiritilgan. Elanga o‘sha paytda «Nottingem Forest» sharafini himoya qilardi. Uning goli «o‘rmonchilar»ga 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etgandi.
Elanga «Nottingem Forest» safida 2023 yildan 2025 yilgacha to‘p surgan, shundan so‘ng «Nyukasl»ga ko‘chib o‘tgan. «Liverpul»ga qarshi urilgan gol uning yangi klubi safida APLdagi ilk goli bo‘ldi.













