Bugun, 24 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-tur uchrashuvlari davom ettiriladi.
Kun taqvimidan faqat bitta o‘yin o‘rin olgan. "Qo‘qon-1912" o‘z maydonida "Buxoro"ni qabul qiladi. Uchrashuv soat 19:00 da boshlanadi.
Mazkur bahs oldidan "Buxoro" 18 ta uchrashuvda 33 ochko to‘plab, turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi. "Qo‘qon-1912" esa 18 ochko bilan 15-pog‘onada joylashgan.
Qo‘qonliklar so‘nggi ikki turda yaxshi natija qayd etdi: avval "Lokomotiv"ni 2:1, keyin esa "Bunyodkor"ni 1:0 hisobida mag‘lub qildi.
Jamoalarning joriy mavsumdagi birinchi o‘zaro uchrashuvida "Buxoro" 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Eslatib o‘tamiz, 19-turning dastlabki bahsida "Neftchi" "So‘g‘diyona"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Natijada farg‘onaliklar ochkolari sonini 45 taga yetkazib, peshqadamlikni mustahkamladi.














