«Lill» bosh murabbiyi Davide Anchelotti «Real» yarim himoyachisi Tiago Pitarchni jamoaga olib kelishni istamoqda. Bu haqda The Athletic jurnalisti Mario Kortegana xabar berdi.
Fransiya klubi 19 yoshli futbolchini «Manchester Siti»ga o‘tishi kutilayotgan Ayyub Buaddining o‘rnini bosuvchi asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Manchesterliklar 18 yoshli marokashlik uchun 95 mln yevro va yana 5 mln yevro miqdorida bonus to‘lashi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Lill» Pitarchni ijaraga olish masalasida «Real»ga murojaat qilgan, ammo Madrid klubi taklifni rad etgan.
Pitarch yaqinda «Real» bilan yaxshilangan shartnoma imzoladi. Futbolchi madridliklarning asosiy jamoasi ro‘yxatiga kiritilgan va 27-raqamda harakat qiladi. Bosh murabbiy Joze Mourinyo unga 2026/27 yilgi mavsumda imkoniyat berishni rejalashtirmoqda.
Shu sababli Pitarchning «Lill»ga o‘tish ehtimoli hozircha past baholanmoqda. Fransiya klubi taklif shartlarini o‘zgartirishi yoki Buaddi o‘rniga boshqa nomzod qidirishi mumkin.













