"Manchester Siti" "Palmeyras" vingeri Allanni yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, "shaharliklar" 22 yoshli braziliyalik futbolchi bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljigan. Biroq "Palmeyras" o‘z yetakchilaridan birini arzon narxga sotish niyatida emas.
Allanning shartnomasida 100 mln yevro miqdorida tovon puli belgilangan. "Manchester Siti" esa transferni ushbu summaning yarmidan ham kamrog‘iga amalga oshirishga umid qilmoqda.
"Palmeyras" bosh murabbiyi Abel Ferreyra futbolchining hujumda ham, himoyada ham samarali harakat qila olishini uning asosiy ustunliklaridan biri sifatida ta’kidladi.
"Bunday klublar Allan kabi futbolchini xohlaydi, chunki vingerlarning 90 foizi u qilayotgan ishni bajara olmaydi — u ham hujum qiladi, ham himoyalanadi. Shuning uchun ular pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Men "Manchester Siti" qanday o‘ynashini bilaman", — dedi Ferreyra.
Portugaliyalik mutaxassis Allanni "Chelsi" vingeri Pedru Netu bilan ham taqqosladi.
"Masalan, "Chelsi"da Pedru Netu bor. Agar uni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, 100 mln yevro to‘lashingizga to‘g‘ri keladi", — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Allanning bir nechta pozisiyada o‘ynay olishi ham "Manchester Siti"ning unga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirgan. Angliya klubi Savinyoning ehtimoliy ketishi fonida qanot chizig‘ini yana bir futbolchi bilan kuchaytirishni rejalashtirmoqda.













