"Barselona" himoyachisi Alexandro Balde dushanba kuni jamoa bilan to‘liq mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu haqda Mundo Deportivo xabar berdi.
Ispaniyalik futbolchi "Elche"ga qarshi 5:0 hisobida yakunlangan uchrashuvda ishtirok etmagan edi. Transfer oynasi yopilishiga bir haftadan kam vaqt qolgan bir paytda uning kelajagi hamon noaniq bo‘lib turibdi.
Manbaga ko‘ra, bosh murabbiy Xansi Flik Balde bilan alohida suhbat o‘tkazishi kutilmoqda. Shu bilan birga, "Barselona" sport rahbariyati transfer oynasi yopilguniga qadar ayrim futbolchilar bilan xayrlashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Baldening umumiy guruhda to‘liq mashg‘ulot o‘tkazgani klub uni tarkibdan chetlatmaganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda "Manchester Yunayted" 22 yoshli chap qanot himoyachisining vaziyatini kuzatib bormoqda.
Flik "Elche"ga qarshi o‘yindan keyin Baldening qaydnomaga kiritilmaganini futbolchining hozirgi holati va u bilan bog‘liq vaziyat bilan izohlagan edi. Murabbiy himoyachiga yangi klub izlash aytilganini tasdiqlamagan.
Hozircha Baldening "Barselona"dagi kelajagi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.













