Kataloniyaning «Barselona» klubi La Liganing 2-turi doirasida «Elche»ga qarshi kechgan o‘yin (5:0) oldidan muxlislar va klub a’zolariga nisbatan politsiya tomonidan kuch ishlatilganini qoralab, rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Klub bayonotida ayniqsa «Barselona» muxlislaridan birining hibsga olinishiga alohida e’tibor qaratilgan. Rahbariyat huquq-tartibot organlarining bu harakatlarini nomunosib, asossiz va vaqtsiz deb atadi hamda hibsga olingan shaxs va uning oilasiga zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, klub polisiya tomonidan muxlislardan Kataloniya ramzlari bo‘lgan «estelada» bayroqlarining olib qo‘yilganidan tashvishda ekanini bildirdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, bu ramzlar qonuniy hisoblanadi va ularni namoyish etish o‘z fikrini erkin ifoda etish shakli bo‘lib, u hech qachon zo‘ravonlik yoki nafratga chaqiriq sifatida baholanishi mumkin emas.
«Barselona» sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan izoh kutib qolishini va o‘z muxlislarining huquqlari, qadr-qimmati hamda so‘z erkinligini ham «Kamp Nou», ham boshqa stadionlarda himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi.













