"Milan" hujumchisi Rafael Leau yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar jamoasini o‘zgartirishi mumkin.
Jurnalist Sasha Tavolyerining xabar berishicha, portugaliyalik futbolchi "Milan" rahbariyatiga klubdan ketadigan bo‘lsa, faqat "Galatasaroy"ga o‘tishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Aks holda u Italiya jamoasida qolishni rejalashtirmoqda. So‘nggi soatlarda Leau bo‘yicha ikkita taklif rad etilgani ham aytilmoqda.
"Galatasaroy" 27 yoshli futbolchini yoz davomida o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Avgust oyi boshida turk klubi Leau uchun 30 mln yevro va yana 5 mln yevro bonuslar ko‘rinishida taklif bergan, biroq "Milan" uni yetarli emas deb hisoblab, rad etgan. Italiya klubi futbolchisi uchun taxminan 50 mln yevro talab qilayotgani xabar qilingan.
Shuningdek, Leauga "Fenerbahche" tomonidan ham qiziqish bo‘lgan, ammo futbolchi bu variantni ma’qullamagan. Italiya matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik futbolchining "Milan" bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilga qadar mo‘ljallangan.
Leau 2019 yildan buyon "Milan" sharafini himoya qilib keladi. U Italiya klubi safida 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan. 2025/26 yilgi A Seriya mavsumida hujumchi 29 ta uchrashuvda 9 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi.
Eslatib o‘tamiz, Leau "Milan"ga Fransiyaning "Lill" klubidan kelib qo‘shilgan. U "rossonerilar" bilan 2021/22 yilgi mavsumda Italiya chempioniga aylangan.













