"Liverpul" "Brayton" vingeri Yankuba Minteni sotib olish bo‘yicha navbatdagi taklif yuborish masalasida qaror qabul qilmoqchi.
talkSPORT ma’lumotiga ko‘ra, mersisaydliklar 22 yoshli futbolchi uchun avval 50 million, keyin esa 60 million funt taklif qilgan, ammo "Brayton" har ikki taklifni rad etgan. "Chaykalar" Minteni 70 million funtga baholamoqda.
Manbaga ko‘ra, "Liverpul" o‘tgan dam olish kunlari Minte bilan muzokara o‘tkazgan. Endi klub uchinchi taklifni yuborish yoki yubormaslik borasida yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda. Mersisaydliklar dastlab summani 65 million funtga oshirib ko‘rishi mumkin, biroq 70 million funtlik taklif "Brayton"ni rozi qilishi ehtimoli yuqori.
Minte Gambiya terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. U 2024 yilda "Nyukasl"dan "Brayton"ga 30 million funt atrofidagi mablag‘ evaziga o‘tgan.













