Belgiyalik hujumchi Malik Fofana faoliyatini Italiya chempionatida davom ettirishi mumkin, unga «Roma» klubi qiziqish bildirmoqda. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ma’lum qildi.
Futbolchi va rimliklar o‘rtasidagi kelishuv shartlari o‘tgan haftaning o‘zidayoq kelishib bo‘lingan edi. Hozirda asosiy masala «Lion» klubi bilan moliyaviy shartlarni hal qilishda qolmoqda. Fransiya klubi rahbariyati futbolchining sotuvidan kamida 35 million yevro ishlab olishni xohlamoqda.
Fransiya chempionatining o‘tgan mavsumida Fofana 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning «Lion» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan.













