Bugun, 25 avgust kuni «Jirona»ning o‘ng qanot yarim himoyachisi Viktor Sigankov va «Ayaks» vakillari o‘rtasida muzokaralarning asosiy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «TaToTake» xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, agar tomonlar kelishuvga erishsa, ukrainalik futbolchining transfer summasi 3–3,5 million yevrodan oshmaydi.
Bunday holatda Kiyevning «Dinamo» klubi futbolchini tarbiyalagani uchun transfer summasining ko‘pi bilan 5 foizini olishi mumkin. Chunki «Dinamo» va «Jirona» o‘rtasidagi kelishuvda keyingi transferdan 50 foiz ulush olish bandi faqat Sigankov 5 million yevrodan yuqori summaga sotilgan taqdirda amal qiladi.
Shu bilan birga, Sigankov yangi klubidan kelgusida amalga oshiriladigan transferdan ma’lum foiz «Jirona»ga emas, aynan «Dinamo»ga berilishini nazarda tutuvchi bandni shartnomaga kiritishni istamoqda.
28 yoshli futbolchiga «Ayaks»dan tashqari «Vilyarreal», «Betis», «Sanderlend», «Atalanta» va «Bryugge» klublari ham turli darajada qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta «Jirona» Sigankovning so‘nggi xatti-harakatlari sabab unga nisbatan intizomiy ish ochgan edi.
«Jirona» bosh murabbiyi Kike Alvaresning ta’kidlashicha, ukrainalik futbolchi Segunda birinchi turidan o‘rin olgan «Leganes»ga qarshi uchrashuvda (1:1) zaxiradan maydonga tushishni istamagan.
«Jirona» Sigankovni 2023 yil yanvarda Kiyevning «Dinamo» klubidan 5 million yevroga xarid qilgan. Futbolchi Kataloniya jamoasi safida 119 ta uchrashuv o‘tkazib, 20 ta gol urgan va 23 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
28 yoshli ukrainalikning «Jirona» bilan amaldagi shartnomasi kelasi yil yoziga qadar mo‘ljallangan.













