"Chelsi"ning mashhur sobiq futbolchisi Jon Terri jamoaning amaldagi sardori Ris Jeymsning yetakchilik fazilatlariga yuqori baho berdi.
Yaqinda "Fulxem"ga qarshi o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgan Pedru Netu epizodlardan birida o‘ng qanotda himoyaga yetarlicha yordam bermadi. Shundan so‘ng Jeyms portugaliyalik futbolchiga qattiq tanbeh berdi, Netu esa bunga norozi munosabat bildirdi.
"Bizga sardor borasida omad kulib boqqan. O‘sha vaziyatda Jeymsning Netuni qattiq tanqid qilganini ko‘rish juda yoqimli bo‘ldi. Men "Chelsi"da o‘ynagan paytimda har bir futbolchiga juda yuqori talab qo‘yilardi. Hozir Ris ham xuddi shu standartlarni saqlab qolmoqda.
Asosiy tarkibda o‘ynaysanmi yoki zaxiradan tushasanmi — farqi yo‘q, sening vazifang jamoa uchun bor kuchingni berish. Biz ham o‘z vaqtida shunday qilardik. Murabbiy bu masalani har ikki futbolchi bilan muhokama qilishi kerak, ammo mening nazarimda, Jeyms bu vaziyatda namunaviy harakat qildi", — deya Terrining so‘zlarini keltiradi The Touchline.
Eslatib o‘tamiz, "Chelsi" ushbu uchrashuvda "Fulxem"ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi.













