"Liverpul" "Monako"ning senegallik yarim himoyachisi Lamin Kamarani diqqat bilan kuzatmoqda va transfer oynasi yopilguniga qadar uni sotib olish uchun kutilmagan harakatni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Abdel Hamed xabar berdi.
Mersisaydliklarning tayanch yarim himoyachiga ehtiyoji yaqqol sezilmoqda. "Nyukasl"ga qarshi durang qayd etilgan uchrashuvda jamoaning markazdagi muammolari yana bir bor ko‘rindi. Raqib bir necha bor maydon markazi orqali xavfli hujumlar tashkil qildi, Aleksis Mak Allister maydonga tushgandan keyingina vaziyat biroz barqarorlashdi.
Kamaraning jismoniy kuchi va to‘pni olib qo‘yishdagi qobiliyati "Liverpul" himoya chizig‘ini mustahkamlash uchun mos variant sifatida baholanmoqda.
"Monako" 22 yoshli futbolchini sotishni istamayapti, ammo katta miqdordagi taklif klub pozisiyasini o‘zgartirishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, fransuzlar Kamara uchun 60 million yevrodan ancha ko‘p mablag‘ talab qilmoqda.
Kamara so‘nggi mavsumda Liga 1ning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida tanildi. U 31 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













