"Barselona" va "Real Sosyedad" himoyachi Ektor Fort transferi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishdi.
Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, basklar 20 yoshli futbolchi uchun 8 mln yevro to‘laydi. "Barselona" esa Fortning keyingi transferidan tushadigan mablag‘ning 50 foizini olish huquqini saqlab qoladi. Shuningdek, kataloniyaliklar uni kelajakda taxminan 20 mln yevro evaziga qaytarib sotib olishi mumkin. Futbolchining o‘zi ham "Real Sosyedad"ga o‘tishga rozilik bergan.
Endi tomonlarga transferni rasmiylashtirish bilan bog‘liq hujjatlarni yakunlash qoldi.
"La Masiya" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Fort "Barselona" asosiy jamoasi safida barcha musobaqalarda 30 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan. O‘tgan mavsumni esa ijara asosida "Elche"da o‘tkazgan.













