Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Federiko Valverde «Real Sosyedad» ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi g‘alabada Joze Mourinyuning taktik o‘zgarishlari muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi 1:1 hisobida yakunlangan edi. Tanaffusdan keyin esa faqat mezbonlar gol urdi: Kilian Mbappe xet-trikni rasmiylashtirdi, yana bir golga Vinisius Junior mualliflik qildi.
«Tanaffusda pressing haqida gaplashdik. Raqib maydonida to‘pni qaytarib olishda qiynalayotgan edik, ko‘p holatlarda son jihatdan kamlikda qolardik. Tanaffus paytida murabbiy bizdan yanada faolroq pressing qilishni so‘radi.
Taktik o‘zgarishlardan keyin o‘zimizni ancha ishonchli his qila boshladik. Jozening gaplari bizga juda katta yordam berdi. Aynan shu o‘zgarishlar tufayli ikkinchi bo‘limni fantastik darajada o‘tkazdik», — dedi Valverde. Uning so‘zlarini Madrid Zone keltirdi.
«Real» ikki turdan keyin 6 ochko jamg‘argan. Madridliklar navbatdagi uchrashuvini 30 avgust kuni «Malaga»ga qarshi o‘tkazadi.













