Tennis bo‘yicha yilning eng so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri hisoblangan AQSH ochiq chempionatining (US Open) 2026-yilgi turniri uchun rekord miqdorda — 108 million dollar mukofot puli ajratiladi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 20 foizga ko‘p.
Turnir tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, mukofot jamg‘armasi 2024-yilga nisbatan 44 foizga oshgan. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida g‘olib chiqqan tennischilarning har biri 5,5 million dollardan mukofot oladi. Bu tennis tarixidagi eng yuqori chempionlik mukofotidir.
Asosiy to‘rning birinchi bosqichida mag‘lub bo‘lgan tennischilar esa 140 ming dollardan ishlab oladi. Bu ham “Katta dubulg‘a” turnirlari tarixidagi eng yuqori birinchi bosqich mukofoti hisoblanadi.
Bundan tashqari, AQSH tennis assosiasiyasi tennischilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi dastur uchun 2 million dollar ajratadi. Mazkur mablag‘ erkak va ayol tennischilar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Mukofot pullarining oshirilishi tennischilar tomonidan ijobiy kutib olindi. Avvalroq sportchilar “Katta dubulg‘a” turnirlaridan olinadigan daromadning kattaroq qismini talab qilib, norozilik aksiyalarini o‘tkazishni rejalashtirgandi. Mukofot jamg‘armasi oshirilganidan so‘ng tennischilar bu yilgi US Openda norozilik namoyishi o‘tkazmaslikka qaror qildi.
Shu bilan birga, tennischilar mukofot pullarining oshirilishi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Ular barcha “Katta dubulg‘a” turnirlarida musobaqalardan olinadigan daromadni tennischilar o‘rtasida taqsimlashning yagona tizimini joriy etishni talab qilmoqda.
Shuningdek, Avstraliya ochiq chempionati, “Rolan Garros”, “Uimbldon” va US Open tashkilotchilari tennischilar manfaatlarini himoya qilish va ularning fikrlarini inobatga olish maqsadida Grand Slam Player Advisory Council — “Katta dubulg‘a” tennischilar maslahat kengashini tuzdi. Kengash 2026-yilgi US Open yakunlanganidan so‘ng faoliyatini boshlaydi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi US Open AQSHning Nyu York shahrida 30-avgustdan 13-sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Turnirning amaldagi chempioni ispaniyalik Karlos Alkaras hisoblanadi.













