Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) hozirgi FIFA prezidenti Janni Infantinoni ishdan bo‘shatish haqida o‘ylamayapti. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, rahbarni ishdan olish uchun FIFA'ga a’zo tashkilotlarning to‘rtdan uch qismi, ya’ni 159 ta davlat qarshi ovoz berishi kerak. Hozirgi holatda buncha ovoz yig‘ishning imkoni yo‘q deb hisoblanmoqda. Shu sababli, UEFA endi asosiy e’tiborni 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentlik saylovlariga qaratadi. Ular ushbu saylovda Infantinoni yenga oladigan hamda barcha yevropaliklarga birdek ma’qul keladigan yagona nomzod qidirmoqda. Saylovda qatnashish uchun arizalar shu yilning 18-noyabrigacha topshirilishi kerak. Saylovning o‘zi esa 2027-yil mart oyida Marokashda o‘tkaziladi.
Iyul oyida Infantino futbol bo‘yicha barcha yirik musobaqalarni bitta joydan nazorat qiladigan alohida kompaniya tuzmoqchi ekanini aytgan edi. Uning rejasiga ko‘ra, bu loyiha orqali tashkilotlar 4,2 milliard dollar atrofida pul ishlashi kerak edi.
Biroq bu taklif butun dunyo futbol hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika qit’asining futbol tashkilotlari Infantinoning bu g‘oyasini butunlay rad etdi. Hattoki UEFA agar FIFA bu loyihadan voz kechmasa, uning musobaqalarida umuman qatnashmasligini ma’lum qildi.
The Telegraph nashrining yozishicha, voqealar boshlanishidan oldin Yevropadagi 55 ta davlatning 52 tasi (faqat Germaniya, Ruminiya va Norvegiya rozi bo‘lmagandi) Infantinoni qo‘llab-quvvatlab turgan edi. Biroq, mojaro chiqqach, UYEls birinchi bo‘lib Infantinoni ortiq qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Keyinchalik boshqa davlatlar ham FIFA'ning amaldagi rahbariga ortiq ishonmasligini e’lon qildi.
Shunga qaramasdan, hozirda Afrika futbol konfederasiyasi, Argentina va boshqa bir qator davlatlar hali ham Infantino g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.













