"Tottenxem" bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi "Manchester Siti"dan ijara asosida kelgan Omar Marmush jamoaning hujumdagi o‘yinini yangi darajaga olib chiqishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Klub rasmiy matbuot xizmatiga bergan intervyusida De Dzerbi Marmushning ambisiyasi va rivojlanishga bo‘lgan intilishini alohida ta’kidladi.
"Omar aynan biz klubda ko‘rishni istaydigan futbolchi — ambisiyali, g‘alabaga tashna va o‘zgarish qilishga qat’iy bel bog‘lagan.
U hujumda juda yuqori sifatlarga ega. Menga yana uning rivojlanish va g‘alaba qozonish istagi ham juda yoqadi.
U tezlik, aqlli harakat va darvoza oldida jiddiy xavf olib keladi. Menimcha, u hujumdagi o‘yinimizni yangi darajaga olib chiqishi mumkin", — dedi De Zerbi.
Marmush ham shimoliy London klubiga o‘tganidan keyin taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bu yerda bo‘lish ajoyib his. Jamoa bilan ish boshlashdan juda xursandman va muxlislar bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman.
"Tottenxem" Angliyadagi, balki dunyodagi eng katta klublardan biri. Klubning loyihasi men uchun juda jozibali bo‘ldi.
Bosh murabbiy bilan suhbatlashdim, uning aytganlari menga juda yoqdi. Futbolga bo‘lgan ishtiyoqimiz bir-biriga juda mos tushishiga ishonaman", — dedi Marmush.













