«Arsenal» «Kolxeti» klubining 17 yoshli gruziyalik yarim himoyachisi Andriya Bartishvili transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 4,5 million yevroni tashkil etadi. Kelasi hafta Bartishvili Londonga yo‘l olib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Shundan so‘ng u «Arsenal» bilan besh yillik shartnoma imzolaydi.
Ayni paytda futbolchi Tbilisining «Iberiya 1999» klubida ijara asosida to‘p tepmoqda. U joriy mavsumda 24 ta uchrashuv o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Biroq Bartishvili «Arsenal» safiga darhol qo‘shila olmaydi. U 18 yoshga to‘ladigan 2027 yilda rasman London klubi futbolchisiga aylanadi.













