«Manchester Yunayted» yarim himoyachi Tobi Kolliyerning «Vest Bromvich»ga transferini e’lon qildi.
Insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, transfer summasi 3 million funtni tashkil qilgan, yana 5 million funt bonuslar ko‘rinishida belgilangan. Shuningdek, «MYU» futbolchining keyingi sotuvidan 40 foiz ulush oladi.
«Tobi Kolliyer «Vest Bromvich»ga doimiy ravishda o‘tishga rozi bo‘ldi.
Futbolchi 2022 yilda «Brayton» yoshlar tizimidan ketib, akademiyamizga qo‘shilgan. Dastlab U-18 jamoasida o‘ynagan u tez orada U-21 tarkibiga o‘tdi va 2023 yilda Erik ten Xag qo‘l ostida asosiy jamoaning mavsumoldi yig‘inida ishtirok etdi.
Uning rasmiy uchrashuvlardagi debyuti 2024 yilgi Angliya Superkubogi bahsida «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda ro‘y berdi. Kolliyer 59-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, akademiyamizdan chiqqan 251-futbolchiga aylandi.
Klubdagi faoliyati davomida namunali professionalizm ko‘rsatgan Kolliyer 2024/25 yilgi mavsumda jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
2025 yil avgust oyida u «Vest Bromvich»ga ijaraga o‘tib, Chempionship klubi safida 12 ta o‘yinda ishtirok etdi va keyin jamoaga qaytarildi. Shundan so‘ng yanvar oyidagi transfer oynasida «Xall»ga ijaraga o‘tib, «yo‘lbarslar» safida besh marta maydonga tushdi.
Maykl Karrik qo‘l ostidagi mavsumoldi tayyorgarlikdan so‘ng 22 yoshli Kolliyer «Vest Bromvich» bilan doimiy shartnoma imzoladi.
«Yunayted»dagi barcha insonlar Tobiga keyingi faoliyatida omad tilaydi», — deyiladi mankunianliklar bayonotida.













