O‘zbekiston kubogining 1/8 final bosqichida "So‘g‘diyona" "Jayxun"ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi.
Zomindagi "Zomin" stadionida o‘tgan uchrashuvda hisob 33-daqiqada ochildi. Petar Michinning uzatmasidan so‘ng Filip Ivanovich "So‘g‘diyona"ni oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda "Jayxun" hisobni tenglashtirishga urindi, ammo mezbonlar ustunlikni saqlab qoldi. Bahsning 89-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Abdulazizxon Abdurashidov ikkinchi golni urib, uchrashuv taqdirini hal qildi.
Shu tariqa, "So‘g‘diyona" 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston kubogining chorak finaliga chiqdi.













