UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini FIFAning amaldagi rahbari Janni Infantinoni lavozimini tark etishga chaqirdi.
Platinining fikricha, Infantino futbol qoidalariga rioya etilishining kafili bo‘lishi kerak, ammo uning o‘zi ayrim holatlarda ushbu qoidalarga amal qilmagan.
«Iqtisodiy masalalar — bu boshqa mavzu. Ammo menimcha, Infantino o‘z vazifasini uddalay olmadi. Chunki u o‘yin qoidalariga rioya etilishining kafili hisoblanadi, biroq o‘zi ularga amal qilmadi.
Reglamentda reklama tanaffuslari ko‘zda tutilmagan. Finalda 30 daqiqalik tanaffus ham reglamentda yo‘q. Qizil kartochka bilan bog‘liq masala esa eng yomoni.
U qoidalar kafili, ammo o‘zi ularga amal qilmayapti. Shuning uchun u ketishi kerak», — dedi Platini.
Uning so‘zlarini derbyderbyderby.it keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, Janni Infantino 2016 yildan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.













