Polsha Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Radoslav Pesevichning hibsga olinishi sabab mamlakat terma jamoasi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Onet portali Polsha Milliy olimpiya qo‘mitasi a’zolariga yuborilgan ichki maktubga tayanib xabar berdi. O‘tgan hafta Pesevich bankrot bo‘lgan Zondacrypto kriptovalyuta birjasi bilan bog‘liq ish doirasida hibsga olingan edi. Amaldor korrupsiyada ayblanmoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vaziyatni hal qilish uchun uchta variantni taklif qilgan.
Birinchi variant — Pesevichning o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishi. Biroq u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etayotgani sabab bunday qadam tashlashi ehtimoli past ekani qayd etilmoqda.
Ikkinchi variantga ko‘ra, tashkilot obro‘siga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni hisobga olgan holda, Milliy olimpiya qo‘mitasi kengashi Pesevichning vakolatlarini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Uchinchi va eng keskin ssenariy — Xalqaro olimpiya qo‘mitasining vaziyatga bevosita aralashishi. Bu Polsha Milliy olimpiya qo‘mitasi faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda Polsha terma jamoasi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi.
Navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari 2028 yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadi.













