Yevropaning kuchli beshligi — Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatlarida 2026 yilgi yozgi transfer oynasi bugun, 1 sentyabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi. Klublarda tarkibni kuchaytirish, futbolchilarni sotish yoki ijara bitimlarini rasmiylashtirish uchun sanoqli soatlar qoldi.
Angliya Premyer-ligasida transfer oynasi mahalliy vaqt bilan soat 23:00 da yopiladi. Bu Toshkent vaqti bilan 2 sentyabr soat 03:00 ga to‘g‘ri keladi. Zarur hujjatlar muddat tugashidan oldin taqdim etilsa, ayrim bitimlarni rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha vaqt berilishi mumkin.
Germaniya Bundesligasida transferlar 1 sentyabr kuni soat 20:00 da to‘xtatiladi. Italiya A Seriyasida ham dedlayn mahalliy vaqt bilan 20:00 qilib belgilangan. Toshkent vaqti bo‘yicha har ikki chempionatda oyna soat 23:00 da yopiladi.
Fransiya Liga 1 klublari uchun muddat 19:59 da yakunlanadi. Ispaniya La Ligasida esa 1 sentyabr transfer oynasining oxirgi kuni hisoblanadi va klublarda tungacha bitimlarni rasmiylashtirish imkoniyati bor.
Shu tariqa, bugun futbol muxlislarini transfer bozorida eng qizg‘in kunlardan biri kutmoqda. Odatda aynan dedlayn kuni katta transferlar, kutilmagan ijaralar va so‘nggi daqiqada amalga oshadigan kelishuvlar ko‘payadi.













