Fransiyaning «Lion» klubi navbatdagi mojaro markazida qoldi. Bundan avval jamoa futbolchilari «Beshiktosh»ga qarshi o‘yindan keyingi ommaviy janjalda ishtirok etgan bo‘lsa, bu safar voqea Fransiya chempionati doirasidagi «Gavr»ga qarshi uchrashuvdan keyin sodir bo‘ldi.
Lion yaqinidagi Riyyo-la-Pap kommunasi munisipal kengashi a’zosi Miryam Bushsheda o‘yinni do‘sti bilan birga stadionda tomosha qilgan. Uning aytishicha, uchrashuvdan so‘ng avtomobil tomon ketayotgan paytda ularga «Lion»ning radikal muxlislaridan iborat guruh hujum qilgan.
derbyderbyderby.it ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida Bushsheda ham, uning do‘sti ham jarohat olgan.
Ayni paytda polisiya hujumda gumon qilinayotgan shaxslarni qidirmoqda. «Lion» klubi esa voqea yuzasidan ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.













