«Monako» hujumchisi Folarin Balogun yozgi transfer oynasining so‘nggi kunida «Everton»ga o‘tish fikridan qaytdi.
Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, AQSH terma jamoasining 25 yoshli futbolchisi bunday qarorni «Monako» Lamin Kamaraning «Chelsi»ga transferini bekor qilganidan keyin qabul qilgan.
Balogun 40 million funtlik transferni yakunlash uchun bir kun avval tush payti Liverpulga yetib kelgan edi. Ammo kun davomida tibbiy ko‘rik bilan bog‘liq muammolar sabab bitim atrofida ilk shubhalar paydo bo‘ldi.
Shu paytda «Monako» Kamarani «Chelsi»ga sotish ustida ish olib borayotgan, «Everton» esa Balogun bo‘yicha kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishni xohlagan.
Vaziyat transfer dedlaynidan keyin yanada chigallashdi. «Monako» soat 23:00 dan keyin Kamaraning «Chelsi»ga o‘tishini bekor qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, yarim tunda Balogunning o‘zi ham «Everton»ga o‘tishdan voz kechdi.
Natijada bir kechaning o‘zida ikki yirik transfer amalga oshmay qoldi va bu holat «Monako» hamda «Chelsi» tomonida katta norozilikka sabab bo‘ldi.













