Sobiq angliyalik futbolchi Jeymi Karrager Londonning «Arsenal» klubi transfer bozoridagi faoliyati haqida fikr bildirdi.
«Kanonirlar» Madridning «Real» klubidan Vinisius Junior va «Atletiko»dan Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqqan, ammo har ikki transfer ham amalga oshmagan.
«Arsenal»ga jamoaning darajasini tubdan o‘zgartira oladigan futbolchi kerak edi. Ular olib kelishga uringan Vinisius va Alvares aynan shunday darajadagi o‘yinchilar.
Hozirgi «Arsenal» tarkibini kuchaytirish juda qiyin, chunki jamoa allaqachon kuchli. Bunday tarkibni faqat jahon darajasidagi futbolchi yanada yaxshilashi mumkin. Hozirgi o‘yinchilar bilan bir xil darajadagi futbolchilarni sotib olishdan ma’no yo‘q.
Ayni paytda «Arsenal»da hujum chizig‘ida besh-oltita futbolchi bor va men ularni o‘n ballik tizimda yetti yoki sakkiz ballga baholagan bo‘lardim. Klub esa to‘qqiz yoki o‘n ballik futbolchi olishni istadi, ammo buni amalga oshira olmadi», — dedi Karrager.
Mikel Arteta boshchiligidagi «Arsenal» Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumini ikki g‘alaba bilan boshladi.













