Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilayotgan UFC Fight Night turnirida o‘zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Nursulton Ro‘ziboyev o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi. Unga ushbu bahsda britaniyalik Maykl “venom” Peyj raqiblik qildi.
O‘rta vazn toifasida tashkil etilgan va 3 raund etib belgilangan reyting jangi to‘liq davom etdi.
Birinchi raundning dastlabki soniyalaridayoq Ro‘ziboyev raqibini parterga yiqitib, raund oxirigacha uni nazoratda ushlab turdi. Ikkinchi raundni jangchilar asosan tik oyoqda o‘tkazdi. Biroq har ikki jangchida kuchli zarbalar manzilga aniq yetib bormadi. Uchinchi raundda Peyj nisbatan faolroq bo‘ldi va yakunda barcha hakamlar 29:28 hisobida britaniyalik sportchi g‘alaba qozonganini qayd etdi.
Bu o‘zbekistonlik jangchi uchun MMA faoliyatidagi 9-mag‘lubiyat bo‘ldi (uning hisobida 37 ta g‘alaba va 2 ta durang ham bor). Shu tariqa Ro‘ziboyev promoushendagi yettinchi jangida imkoniyatni boy berdi. Endilikda uning UFC’dagi ko‘rsatkichi 5 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatni tashkil etmoqda.
39 yoshli Peyj UFC’da 2024 yil 9 martdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. U promoushenda 5 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U so‘nggi jangini 2026 yil 21 mart kuni Sem Pattersonga qarshi o‘tkazgan va hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongan edi. Uning MMA rekordi 26 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyatdan iborat.
Ma’lumot o‘rnida, Parij shahri mezbonlik qilayotgan UFC Fight Night turnirining asosiy jangi Den Huker hamda Salohiddin Parnass o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.













