«Valensiya» muxlislari «Barselona»ga qarshi La Liganing 4-tur o‘yini oldidan norozilik aksiyasini o‘tkazishni rejalashtirishmoqda.
Bir nechta muxlislar birlashmasi «Mestalya» stadioni yonida klub egalarining siyosatiga qarshi namoyish o‘tkazilishini e’lon qildi. Ishqibozlar «Valensiya» tashkil topgan 1919 yilga ishora sifatida stadionga 19-daqiqagacha kirmaslikka chaqirilmoqda.
Aksiyada, xususan, La Curva Nord, Libertad VCF va Col·lectiu de Penyes Valencianistes guruhlari ishtirok etmoqda.
Qo‘shimcha turtki va keskinlik shundaki, o‘yinda klub egasi Piter Limning o‘g‘li — Kiat Lim ishtirok etishi kutilmoqda. U ilk bor «Valensiya»ning rasmiy o‘yiniga tashrif buyurishi kerak.
Muxlislar rahbariyatning ishidan, jumladan, transfer siyosati va mavsumning boshlanishidan norozi: «Barselona» bilan o‘yin oldidan jamoa uch turda bor-yoʻg‘i bir ochko jamg‘argan.
Bayonotlarning birida muxlislar «o‘zboshimchalik bilan qabul qilinayotgan qarorlar» va «ushbu libosning buyukligiga mos kelmaydigan» o‘yinchilarning sotib olinishini to‘xtatishni talab qilishdi, shuningdek, klub egalarini jamoaning o‘zligi va qadriyatlarini yemirishda ayblashdi.













