"Real" klubi "Santyago Bernabeu" stadioniga Ispaniya bayroqlarini olib kirish cheklangani haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etdi.
Klub dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga javoban rasmiy bayonot berdi. Ularda muxlislarga Ispaniya davlat bayrog‘i, shuningdek, mamlakat avtonom hududlari va shaharlarining rasmiy bayroqlarini stadionga olib kirish taqiqlangani aytilgan edi.
"Real" bu xabarlarni "qat’iyan yolg‘on" deb atadi.
Madrid klubi stadion qoidalari amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani va Ispaniyaning rasmiy bayroqlariga nisbatan hech qanday taqiq mavjud emasligini ma’lum qildi.
"Klub qoidalari amaldagi qonunchilik talablariga mos keladi. Mamlakatimizning barcha rasmiy bayroqlarini stadionimizga hech qanday cheklovsiz olib kirishga hozir ham ruxsat beriladi va avval ham doimo ruxsat berilgan", — deyiladi klub bayonotida.
Bayonotda Ispaniya davlat bayrog‘i bilan birga mamlakat avtonom hududlari va shaharlarining rasmiy bayroqlari ham alohida tilga olingan.
Ushbu munosabat "Real"ning Chempionlar ligasida "Inter"ga qarshi "Santyago Bernabeu"da o‘tadigan uchrashuvi arafasida bildirildi.













