Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/09 19:00 Lokomotiv 3-0 Mash’al
11/09 19:00 Buxoro 1-4 Navbahor
11/09 23:45 Venetsiya 2-4 Fiorentina
12/09 00:00 Sevilya 1-0 Valensiya

Timur Kapadze: “Bugun biz har tomonlama yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdik va haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdik”

Timur Kapadze: “Bugun biz har tomonlama yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdik va haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdik”

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Navbahor” (1:4) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— Albatta, Buxoroda mezbonlarga qarshi o‘ynash oson bo‘lmasligini bilardik. Uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik, raqibni atroflicha o‘rganib chiqdik. Bellashuv kurashlarga boy o‘tgan bo‘lsa-da, bugun biz har tomonlama yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdik va haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdik, deb o‘ylayman. Shu munosabat bilan futbolchilarimizni tabriklayman, maydonda juda faol harakat qilishdi. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz.

​— Bugun ikkala qanot himoyasiga ham aslida markaziy himoyachi bo‘lgan bo‘ydor futbolchilarni tushirdingiz. Bu qaror raqibning standart vaziyatlardagi xavfli o‘yini bilan bog‘liqmidi?

— Albatta, chunki baland bo‘yli o‘yinchilar kerak edi. Shunga ko‘ra, Muhammadqodirdan tashqari, Dilshod hamda Umarni ham maydonga tushirdik. Bilamiz, “Buxoro”ning eng kuchli tomonlaridan biri — bu standart vaziyatlar. Lekin o‘yin shuni ko‘rsatdiki, raqibda standartlar juda kam bo‘ldi. Bahs yakunidagi vaziyatlarni hisobga olmasak, mezbonar deyarli to‘pni jarima maydoniga uzata olishmadi. Chunki o‘yin nazorati qo‘limizda edi. Aslida ham, siz aytganingizdek, bo‘ydor futbolchilarni mazkur omilni inobatga olib maydonga tushirgandik.

​— Jamoaning oxirgi bellashuvlariga e’tibor qaratsak, dastlab gol uryapti-da, keyin tezkorlik bilan o‘z darvozasidan to‘p olib chiqyapti. Bu holatni nima bilan izohlaysiz?

— Bu albatta, qaysidir ma’noda diqqat-e’tiborni yo‘qotish bilan bog‘liq. To‘g‘risini aytsam, o‘z darvozamizdan juda oson to‘p o‘tkazib yubordik. Oddiy uzatmadan so‘ng, ikki nafar markaziy himoyachimiz xatoga yo‘l qo‘ydi, sug‘urtalash ham bo‘lmadi. Pala-partishlik natijasida “Buxoro” gol urib ketdi. Lekin shunga qaramay, o‘z kuchimizni to‘play oldik. Chunki bosim va muxlislar omili bor edi. To‘p nazoratini davom ettirdik. Ikinchi bo‘limda esa hamma narsa o‘z joyiga tushdi. Jamoamiz gol urgan ondayoq, o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborgani yoqimsiz, albatta. Agar o‘sha gol bo‘lmaganida, raqib ochilishi hisobiga birinchi bo‘limning o‘zidayoq yana gol urishimiz mumkin edi.

​— Shohruh Abdurahmonovni bugun markaziy hujumda o‘ynatdingiz va bu qaror o‘zini oqladi. Husayn Norchayev jarohat olganmi? Shoxruhning zaxiradan maydonga tushishi avvaldan rejada bormidi?
— Birinchidan, Husayn hamda Asadning yo‘qotilishi jamoamiz uchun sezilarli bo‘ldi. Tarkibda bunday muammolar va shamollashlar “Buxoro”da ham, boshqa jamoalarda ham uchrab turadi. Tarkibda Kojoni tushirdik, u ham birinchi bo‘limda yomon harakat qilmadi, ikkinchi bo‘limda ham imkoniyati bo‘ldi. Shoxruhga kelsak, u avval ham hujumchilar yo‘qligida markazda o‘ynab, foydali harakat qilgan. Rejamizda uni tushirish bor edi hamda buni amalga oshirdik. Zaxiradan tushgan futbolchilarni biroz kechroq maydonga tushirganimizning sababi — maydondagi o‘yinchilarning jismoniy holatlari va harakatlari bizni qoniqtirayotgan edi.

​— Muhammadali G‘iyosov ham uchrashuvdan so‘ng g‘alabani nishonlashda ko‘rindi. U qachon safga qaytadi?

— Uning safga qaytishini sabrsizlik bilan kutyapmiz. Hozircha G‘iyosov individual tarzda tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazyapti. “Bunyodkor” bilan o‘yinda olgan jarohati biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. O‘zi asli buxorolik bo‘lgani uchun ham u bugungi o‘yinga keldi. Nafaqat o‘z a’zolarimizga, balki barcha futbolchilarga sihat-salomatlik tilayman, tezroq safga qaytishsin. Muhammadali keyingi bahsda maydonga tushmasa-da, terma jamoalar o‘yinlari sababli yuzaga keladigan tanaffusdan so‘ng safga qaytadi, deb o‘ylayman.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: fcnavbahor.uz
Kiritildi: 06:40, 12.09.2026.
O'qildi: 700 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик