«Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jeymi Karrager jamoaning mavsum boshidagi muammolari uchun bosh murabbiy Andoni Iraolani ayblamasligini bildirdi.
«Liverpul» Angliya Premyer-ligasining dastlabki 4 turida faqat bir marta g‘alaba qozondi va uch uchrashuvda durang o‘ynadi. Mersisaydliklar 6 ochko bilan turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi.
«Men murabbiyga bosim o‘tkazmayapman va uni tanqid qilmayapman. Ha, mavsum juda yaxshi boshlanmadi, ammo bu tarkibning o‘tgan mavsumda ko‘rsatgan o‘yini «Liverpul» kabi klub uchun qabul qilib bo‘lmaydigan darajada edi.
O‘tgan mavsum yakunida bosh murabbiy almashdi va klub rahbariyati, mohiyatan, Arne Slotga: «Bizda yaxshi futbolchilar bor, ammo siz ularning imkoniyatidan to‘liq foydalana olmadingiz», degandek bo‘ldi. Mayli, shunday bo‘lsin.
Endi yangi murabbiy keldi, ammo unga bir nechta transfer oynasi kerak, deb ayta olmaymiz. U ishini endi boshladi, lekin bu futbolchilar anchadan beri juda yomon o‘ynab kelyapti.
Mavsum starti haqiqatan ham omadsiz bo‘ldi. Qolaversa, «Liverpul»ning raqiblari ham juda qiyin emasdi. Rostini aytsam, jamoa bu uchrashuvlarda 10 ochko jamg‘arishi kerak edi.
Hech bir «Liverpul» muxlisi murabbiyni ayblamaydi yoki unga shubha bilan qaramaydi. Bu mavsumda asosiy mas’uliyat futbolchilar zimmasida bo‘ladi. Men ham, boshqa ko‘plab muxlislar kabi, aynan ularga qarayman va bu futbolchilardan ancha ko‘proq narsa talab qilinadi, deb o‘ylayman», — dedi Karrager Sky Sports efirida.













