Parij apellyasiya sudi Kilian Mbappeni "PSJ" klubiga 60 ming yevro kompensasiya to‘lashga majbur qildi. Bu haqda L’Équipe nashri xabar berdi.
Mojaro 2025 yil aprelida boshlangan. O‘shanda Mbappening huquqshunoslari "PSJ"dan 2023/24 yilgi mavsum uchun to‘lanmay qolgan 55,4 million yevroni talab qilib, klub hisoblarini 45 kunga vaqtincha bloklatishga erishgandi.
Sud xulosasiga ko‘ra, hisoblarning muzlatilishi "PSJ"ga moliyaviy xarajatlar keltirib chiqargan. Ushbu zarar miqdori 60 ming yevro deb baholangan va Mbappe aynan shu summani to‘lashi belgilangan.
Shu bilan birga, "PSJ" tomonidan ma’naviy hamda obro‘ga yetkazilgan zarar uchun qo‘shimcha kompensasiya undirish bo‘yicha bildirilgan talablar sud tomonidan rad etildi.
Mbappe va "PSJ" o‘rtasidagi moliyaviy nizo futbolchining Parij klubini tark etganidan keyin ham davom etmoqda.













